MB so‘rovi ko‘rsatdiki, tadbirkorlar ishbilarmonlik muhitini nisbatan pessimistik baholamoqda. To‘rtinchi chorakda o‘rta va yuqori quvvatdagi kompaniyalar ulushi 50% gacha kamaydi — bu 1,5 yildagi minimum. Asosiy sabab — gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar. Yaxshilanish kutilmasi 62% dan 56% gacha tushdi.
Markaziy bank 2025-yilda inflyatsiya va iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy makroiqtisodiy risklarni sanadi. Global geosiyosiy keskinliklar, xomashyo narxlari ehtimoliy o‘sishi, aprelda gaz va elektr energiyasi narxlari oshishi shular jumlasidan.
Markaziy bank qoidabuzarliklari uchun 10 ta bankni jarimaga tortdi. Shuningdek, ko‘rsatma va talablarga rioya qilmagan 1 ta to‘lov tizimi operatori chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Yanvarda aholining kelgusi bir yil uchun inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,4 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlarning kutilmalari pasaydi (-1 foiz). Aholi ham, biznes ham kelgusida narxlar oshishiga eng ko‘p kommunal xizmatlar qimmatlashishi sabab bo‘lishini qayd etgan.
Yanvar yakunlariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi dekabrga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,7 foizni tashkil etdi. Aholi oy davomida eng ko‘p elektr energiyasi, gaz, go‘sht va tuxum narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgani qayd etdi.
2024-yilda Toshkentda ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi 1,8% — kv. m uchun 1190 dollargacha pasaydi (2023-yilda — 30% o‘sish), yer esa 2,9% arzonladi — sotixiga 352 mln so‘m. Avvalroq MB ehtimoliy narx korreksiyasidan ogohlantirgandi. O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar soni 2,2% kamaydi.
Yanvar oyida dollar so‘mga nisbatan biroz mustahkamlandi — atigi 0,28 foiz. Amerika valyutasining kursi 13 ming co‘mga yaqinlashdi, biroq so‘nggi haftada so‘mning qiymati ko‘tarildi.
O‘zbekiston Markaziy banki oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish doirasida AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini xarid qilishni davom ettirmoqchi, dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Aprel oyida elektr energiyasi va gaz tariflari oshishidan inflyatsiyaga dastlabki qo‘shimcha ta’sir 1,8−1,9 foiz punkt bo‘lishi kutilmoqda. “Bu joriy yil uchun 7−8 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgan inflyatsiya prognozida inobatga olingan”, — dedi Markaziy bank raisi.
Markaziy bank hozirda bank nazoratidan tashqarida bo‘lgan bo‘lib to‘lash bozorini tartibga solish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bo‘lib to‘lashni taqdim etadigan xizmatlar nobank kredit tashkilotlari deb hisoblanishi mumkin.
O‘zbekistonda 2025-yildan boshlab banklar uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 500 milliard so‘mgacha oshirildi. Bugungi kunga qadar to‘rtta bank ushbu talabni bajarmagan, Markaziy bank ulardan ikkitasining aktiv operatsiyalarini cheklab qo‘ydi.
2024-yilda jismoniy shaxslar banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi (2023-yilga nisbatan 31 foizga ko‘p) chet el valyutasini sotdi. Shuningdek, yil davomida aholi 9,4 mlrd dollar miqdorida valyuta sotib oldi (+3 foiz). Mamlakat bo‘ylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari soni yil davomida 20 foizga ko‘paydi.
O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari orqali og‘irligi 100 gramm bo‘lgan oltin quymalar ham sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Bungacha xaridorlarga 5, 10, 20, 50 grammlik quymalar taklif etilayotgandi. Regulyator bu aholining investitsiya va jamg‘arish imkoniyatlarini yanada oshirishini kutmoqda.
Qonunchilik palatasi fuqarolarga o‘ziga kredit ajratilishini taqiqlash huquqini beruvchi qonunni qabul qildi. Bepul bo‘ladigan xizmat mijozning roziligisiz kredit olish yoki pulli operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini cheklashga mo‘ljallangan.
2024-yilda muomaladagi naqd pul ulushi 21,5% dan 19,2% gacha kamaydi, deb xabar qildi Markaziy bank. Kartadan pul yechib olish ulushi ham pasaydi.
O‘zbekistonda muomaladagi 200 ming so‘m nominaldagi banknotlar ulushi 18,6% dan 23,4% gacha o‘sdi, 100 ming so‘mlik kupyuralar ulushi esa 40,9% gacha kamaydi. MB qo‘shimcha ravishda 54,5 mlrd so‘mlik yangi tangalarni muomalaga chiqardi.
Dekabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan tezlashib, 14,7 foizni tashkil etdi. Bu 2023-fevralidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich. Oy davomida aholiga eng ko‘p go‘sht, sut, benzin, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi oshgani sezildi.
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda begona raqamlardan qo‘ng‘iroqlarga javob berilayotganda bank kartalaridan pul avtomatik yechib olinayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Regulyator login, parol va SMS kodlarini notanish shaxslarga berish, shuningdek, zararli APK fayllarni o‘rnatish mumkin emasligini eslatdi.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari dekabr oyida 290 mln dollarga kamayib, 2024-yil yakuniga ko‘ra 41 mlrd 181,6 mln dollarni tashkil etdi. Yil davomida oltin narxining ko‘tarilishi fonida rezervlar qiymati 6,6 mlrd dollarga ko‘paydi.
Markaziy bank bir mijozga beriladigan bank kartalari sonini vaqtincha chekladi. Endi bir bankda 5 tagacha, jami esa 20 tagacha, shu jumladan, virtual va kobeydjing kartalarini (valyuta kartalaridan tashqari) olish mumkin. Agar bir yil davomida kartadan foydalanilmasa, banklar ularni bloklaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting